“Oʻzeltexsanoat” kompaniyasi Shenzhen World 2025 koʻrgazmasida Oʻzbekiston nomidan ishtirok etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyning CPCA assosiasiyasi taklifi bilan "O'zeltexsanoat" uyushmasi mas'ul xodimlari va korxonalari "Shenzhen World Exhibition 2025"ko'rgazmasida qatnashdi.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi mas’ul xodimlaridan iborat delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida ishbilarmonlik tashrifi bilan bo‘lib turibdi. Tashrifning asosiy maqsadi — elektronika, bosma plata (PCB) sanoati va komponentlar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, investitsion aloqalarni rivojlantirishdir.
Delegatsiya "China Printed Circuit Association" (CPCA) bilan muzokaralar o‘tkazib, qo‘shma loyihalar, texnologik transfer va korxonalar o‘rtasidagi kooperatsiyani kuchaytirish masalalarini muhokama qilmoqda.
Shuningdek, 2025-yil 28–30-oktyabr kunlari Shenchjen shahrida o‘tkazilayotgan “Shenzhen World Exhibition 2025” xalqaro ko‘rgazmasida Uyushma a'zolari ham faol ishtirok etdi. Ko‘rgazma doirasida Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash bo‘yicha uchrashuvlar o'tkazildi.
CPCA — Xitoy Elektronika va AKT vazirligi tasarrufida faoliyat yurituvchi, PCB va elektron yig‘malar sanoatini birlashtirgan milliy uyushma bo‘lib, 1200 dan ortiq a’zoni qamrab oladi. “Shenzhen World Exhibition 2025” esa elektron komponentlar, PCB va smart-texnologiyalar yo‘nalishidagi eng yirik xalqaro ko‘rgazmalardan biridir.