Oʻzbekneftgaz” va SOCAR Ustyurt konini oʻzlashtirish loyihasi natijalarini sarhisob qilishdi
Oʻzbekneftgaz” va SOCAR Ustyurt konini oʻzlashtirish loyihasi natijalarini sarhisob qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi A.Sanginov hamda “SOCAR” kompaniyasi vise-prezidenti A. Javadova o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar Ustyurt mintaqasidagi investisiya bloklarida Mahsulot taqsimotiga oid bitim shartlari asosida amalga oshirilayotgan geologiya-qidiruv ishlari va keyinchalik uglevodorodlarni qazib olish loyihasining joriy holatini atroflicha muhokama qildilar.
Kompaniyalar rahbariyati oliy darajada erishilgan kelishuvlar asosida amalga oshirilayotgan mazkur qo‘shma loyihada erishilgan natijalarni ijobiy baholab, belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilayotganini qayd etishdi.
Xususan, seysmik tadqiqotlar doirasida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar mintaqada ilk bor keng ko‘lamda joriy etilmoqda. Ayrim yechimlar esa Ustyurt hududi uchun noyob hisoblanadi.
Ushbu yondashuvlar geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish, olinadigan geofizik ma’lumotlar sifati va aniqligini oshirish hamda mamlakat neft-gaz sohasida yangi texnologik imkoniyatlar va ilg‘or standartlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar loyihaning keyingi bosqichlarini muvofiqlashtirish va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan kelishib oldilar.