Valyuta kurslari 19/11/2025
$1 – 11940.70
UZS – -0,58%
€1 – 13839.27
UZS – -0,68%
₽1 – 147.40
UZS – -0,27%
Qidirish
“Oʻzbekneftgaz” va Jereh Group yuqori texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar

“Oʻzbekneftgaz” va Jereh Group yuqori texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar

“Oʻzbekneftgaz” va Jereh Group yuqori texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati Xitoyning neft-gaz sohasi uchun yuqori texnologiyali uskunalar ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalaridan biri — “Jereh Group” Bosh direktori Li Zhiyoung boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida kompaniyalar o‘rtasidagi amaldagi hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni jadallashtirish, shuningdek O‘zbekiston neft-gaz tarmog‘iga zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, energetika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, strategik loyihalarni amalga oshirish va ular samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda Jamiyat tasarrufidagi qazib chiqarish boshqarmalarida tabiiy gaz qazib olish barqarorligini ta’minlash, mavjud zaxiralarni maksimal o‘zlashtirish va qazib chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida kichik kompressor stansiyalari qurilish loyihalari tez sur’atlarda amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Shu o‘rinda hozirgi kunda Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda 36 ta kichik kompressor agregati barpo etilib, ishga tushirilganligini qayd etish joiz.

Muzokaralar jarayonida “Jereh Group” delegatsiyasi yuqori samaradorlikka ega kompressor agregatlari, quduqlarni qazish va servis xizmatlari uchun ishlab chiqilgan ilg‘or texnologiyalar, shuningdek energiya tejamkor va ishonchliligi yuqori bo‘lgan uskunalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etdi.

Shuningdek, delegatsiya tomonidan O‘zbekistonda “Servis markazi” ochish, ehtiyot qismlari ta’minoti barqarorligini ta’minlash, mahalliy mutaxassislar uchun malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Qolaversa, “O‘zbekkimyomash” AJ bilan hamkorlikni kengaytirish orqali ayrim import o‘rnini bosuvchi uskunalarni mamlakatimiz hududida ishlab chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Qo‘shma loyihalar bo‘yicha ekspertlar darajasida ishchi guruhlar tuzish, amaliy harakat rejasini ishlab chiqish va uni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling