CNPC "O'zbekneftegaz" bilan hamkorlik qilish uchun maxsus vakil tayinladi
CNPC "O'zbekneftegaz" bilan hamkorlik qilish uchun maxsus vakil tayinladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi delegatsiyaning “CNPC” korporatsiyasi direktorlar kengashi raisi Day Xoulyan bilan o‘tkazilgan uchrashuvi yakunlariga ko‘ra, Jamiyat bilan bevosita ish olib boradigan mas’ul o‘rinbosar tayinlandi.
Kunning birinchi yarmida mazkur o‘rinbosar bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hamkorlik doirasida ko‘tarilgan barcha masalalar atroflicha muhokama qilib olindi.
Qayd etish joizki, joriy yildan boshlab O‘zbekiston neft-gaz tarmog‘i uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan keng ko‘lamli dastur amalga oshiriladi. Uning asosiy yo‘nalishlari — yirik hajmda 3D seysmik tadqiqotlar o‘tkazish hamda burg‘ilash ishlarini jadallashtirishdan iborat. Bu borada xalqaro kompaniyalar bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Xususan, “BGP” kompaniyasi bilan 3D seysmika bo‘yicha uch yillik shartnoma imzolanish arafasida, burg‘ilash ishlari bo‘yicha “CIBU”, geologiya-geofizika tadqiqotlari yo‘nalishida esa “CNLC” kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Uchrashuv davomida texnologik uskunalar — burg‘ilash qurilmalari, quvurlar, dolotalar va butlovchi qismlarni “CNPC” korxonalari orqali xarid qilish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Shu bilan birga, loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha moliyaviy resurslarni jalb etish, jumladan, o‘zaro manfaatli va moslashuvchan moliyalashtirish mexanizmlarining ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Geologiya qidiruv yo‘nalishida 3D seysmik ishlari hamda quduqlarni burg‘ilash dastgohlarini xarid qilish bo‘yicha hamkorliklar kun tartibidan o‘rin oldi.
Uchrashuv yakunida Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, investor va hamkorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish hamda uzoq muddatli, barqaror va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanligini bildirdi.