Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi 72,8 milliard dollarni tashkil etdi
Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi 72,8 milliard dollarni tashkil etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil yanvar–noyabr oylarida respublikaning tashqi savdo aylanmasi (TSA) 72,8 mlrd AQSH dollariga yetdi va 2024 yilning yanvar–noyabriga nisbatan 13 018,4 mln AQSH dollariga yoki 21,8 % ga ko‘paydi.
TSAda eksport hajmi 30 894,8 mln AQSH dollariga (2024 yilning yanvar–noyabr oylariga nisbatan 26,2 %ga o‘sdi) va import hajmi 41 885,4 mln AQSH dollariga (18,7 % o‘sish) yetdi. Hisobot davrida tashqi savdo balansi 10 990,6 mln AQSH dollari miqdorida manfiy saldo bilan shakllandi.
O‘zbekiston jahonning 210 mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining yuqori ulushi Xitoy (20,1 %), Rossiya (16,2 %), Qozog‘iston (6,0 %), Turkiya (3,7 %) va Koreya Respublikasi (2,2 %) hissasiga to‘g‘ri keldi.
Eksport tarkibida tovarlar ulushi 72,6 % ni tashkil etib, unda asosan sanoat tovarlari (11,3 %), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (8,7 %), kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (6,0 %) va har xil tayyor mahsulotlar hissasi yuqori (5,0 %) bo‘ldi.
2025 yilning yanvar–noyabr oylarida tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy hamkorlar Rossiya (13,0 %), Xitoy (6,0 %), Afg‘oniston (4,3 %), Qozog‘iston (4,3 %), Turkiya (3,3 %), Fransiya (2,5 %), BAA (2,1 %), Qirg‘iz Respublikasi (1,8 %), Tojikiston (1,7 %) va Pokiston (1,0 %) kabi davlatlar bo‘ldi. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 40,0 % ni tashkil etdi.
2025 yil yanvar–noyabr oylarida 2 022,2 ming tonna meva va sabzavotlar eksporti amalga oshirilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 6,3 % yoki 119,5 ming tonnaga oshdi.
2025 yil yanvar–noyabr oylarida 1 942,8 mln AQSH dollariga teng meva va sabzavotlar eksport qilindi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 36,8 % ga o‘sdi va jami eksportdagi ulushi 6,3 % ni tashkil etdi.
2025 yil yanvar–noyabr oylari yakuni bo‘yicha 2 266,1 mln AQSH dollarilik to‘qimachilik mahsulotlari eksporti amalga oshirilib, umumiy eksportning 7,3 % ini tashkil etdi va o‘tgan yilga nisbatan 14,6 % ga kamaydi.
Eksport qilingan to‘qimachilik mahsulotlari tarkibida tayyor to‘qimachilik mahsulotlari (51,6 %), ip kalava (28,4 %) asosiy ulushni egallagan.
2025 yil yanvar–noyabr oylarida xizmatlar eksporti hajmi 8 478,3 mln AQSH dollarini yoki jami eksport hajmining 27,4 % ini tashkil etib, 2024 yilning mos davriga nisbatan 28,9 % ga o‘sdi. Xizmatlar eksporti tarkibining asosiy ulushi safarlar (53,3 %), transport (31,1 %), telekommunikatsiya, kompyuter va axborot (7,9 %) va boshqa tadbirkorlik bilan bog‘liq xizmatlar (3,1 %) hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Ushbu davrga kelib import hajmi 41 885,4 mln AQSH dollariga yetdi va 2024 yilning mos davriga nisbatan 18,7 % ga o‘sdi. Import tarkibida eng katta ulush, mashinalar va transport asbob-uskunalari (33,6 %), sanoat tovarlari (15,7 %) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (12,2 %) hisobiga to‘g‘ri keldi.
Tovarlar importi dinamikasi tahliliga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–noyabr oylarida import qilingan tovarlar hajmi, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5 554,8 mln AQSH dollariga ko‘paydi va 37 419,7 mln AQSH dollarini tashkil etdi. Xizmatlar importi esa 4 465,7 mln AQSH dollariga yetdi.
2025 yil yanvar–noyabr oylarida O‘zbekiston Respublikasi 180 ta davlatdan tovar va xizmatlar importini amalga oshirdi. Yirik hamkor davlatlar, jumladan, Xitoy (30,5 %), Rossiya (18,5 %), Qozog‘iston (7,2 %), Turkiya (3,9 %), Koreya Respublikasi (3,6 %), Germaniya (2,5 %) va Hindiston (2,5 %) jami importning 60,0 % dan ortig‘ini tashkil etdi.
2025-yilning yanvar–noyabr oylari yakuni bilan xizmatlar importi hajmi 4 465,7 mln AQSH dollarini yoki jami import hajmining 10,7 % ini tashkil etdi va o‘tgan yilga nisbatan 31,0 % ga oshdi.
Xizmatlar importi tarkibida asosiy ulush safarlar (52,1 %), transport xizmatlari (19,5 %), telekommunikatsiya, kompyuter va axborot xizmatlari (10,6 %) va boshqa tadbirkorlik bilan bog‘liq xizmatlar (6,5 %) hamda boshqa xizmatlar (11,3 %) hissasiga to‘g‘ri keldi.