Valyuta kurslari 05/12/2025
$1 – 11963.23
UZS – 0,43%
€1 – 13970.66
UZS – 0,7%
₽1 – 155.35
UZS – 1,28%
Qidirish
Oʻzbekistonning 2026-yilgi byudjeti toʻgʻrisidagi qonun qabul qilindi va Senatga yuborildi

Oʻzbekistonning 2026-yilgi byudjeti toʻgʻrisidagi qonun qabul qilindi va Senatga yuborildi

Oʻzbekistonning 2026-yilgi byudjeti toʻgʻrisidagi qonun qabul qilindi va Senatga yuborildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.

Ta’kidlanganidek, kelgusi yilga mo‘ljallangan Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasining ko‘rib chiqilishi o‘tgan yillardagiga nisbatan farq qildi. Xususan, loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonlarida “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan muhim ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish bilan bog‘liq tadbirlarni moliyaviy va iqtisodiy yechimiga qaratildi.

Qo‘mitalar tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishlar, siyosiy partiyalarning fraksiyalaridagi muhokamalarda deputatlar tomonidan 100 dan ortiq savollar, 10 dan ortiq konseptual ahamiyatga ega taklif va tavsiyalar berildi. Asoslantirilgan qator takliflar qonun loyihasida o‘z aksini topdi.

Deputatlar bildirgan taklif va tavsiyalarni hisobga olgan holda qonun loyihasiga bir qancha konseptual ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari taklifiga muvofiq, Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatlarida onkologik va yuqumli bo‘lmagan boshqa kasalliklarning o‘tkazib yuborilgan bosqichini boshidan kechirayotgan bemorlarni statsionar hamda ambulator sharoitida, shuningdek, uyda tibbiy davolash imkoniyati bo‘lmaganda, ularga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatadigan hududlararo xospislarni tashkil etish uchun 50 mlrd. so‘m mablag‘ ko‘zda tutilmoqda.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari tomonidan berilgan takliflar asosida iqtisodiyotning strategik jihatdan muhim sektori sifatida turizm sohasining tizimli va barqaror rivojlanishini ta’minlash, sohada davlat boshqaruvini yanada takomillashtirilishiga doir tizimli o‘zgarishlarni hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi uchun respublika budjetidan 194 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi belgilanmoqda.

O‘zXDP va “Adolat” SDP fraksiyalari tomonidan bildirilgan taklifga muvofiq esa og‘ir vaziyatga tushgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni aniqlash va yordam ko‘rsatish uchun Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga qo‘shimcha 67 mlrd. so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

O‘zbekiston Ekologik partiya fraksiyasi tomonidan global ekologik vaziyatni yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etuvchi Orolbo‘yi mintaqasida ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni moliyalashtirish uchun bildirilgan taklif qanoatlantirilib, buning uchun 24 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilmoqda.

Muhokamalarga boy bo‘lgan majlisda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha ko‘tarilgan masalalarga hukumat tomonidan tuzilgan ishchi guruh hamda tegishli vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari oydinlik kiritishdi.

Xalq vakillari budjetdan ajratilayotgan mablag‘lardan samaraliva oqilona foydalanish borasida davlat organlari va tashkilotlarining mas’uliyati va javobgarligini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirdilar. Shuningdek, parlament va deputatlik nazoratini olib borilishi lozimligi ta’kidlandi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling