Oʻzbekistonda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida kosmik soha rahbarlarining 5-yig‘ilishi boʻlib oʻtdi
Oʻzbekistonda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida kosmik soha rahbarlarining 5-yig‘ilishi boʻlib oʻtdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 30-mart kuni Toshkent shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ga a’zo va kuzatuvchi davlatlar kosmik agentliklari hamda vakolatli idoralari rahbarlarining navbatdagi — 5-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuv “Space Technology Conference – 2026” xalqaro anjumani doirasida tashkil etilib, kosmik texnologiyalar sohasida ko‘p tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratildi.
Bugungi kunda global kosmik iqtisodiyot hajmi 500 milliard AQSh dollaridan oshgani, 2030-yilga borib esa 1 trillion dollarga yetishi prognoz qilinayotgani fonida TDT mamlakatlari uchun kosmik texnologiyalarni rivojlantirish strategik ahamiyat kasb etmoqda.
A’zo davlatlar umumiy hisobda 170 milliondan ortiq aholi va keng geografik hududni qamrab olgan bo‘lib, bu esa kosmik xizmatlar — xususan, Yer kuzatuvi, aloqa va navigatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun katta bozor va imkoniyatlar yaratadi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Qirg‘iziston davlatlarining kosmik soha rahbarlari, shuningdek, kuzatuvchi davlatlar — Vengriya va Turkmaniston, hamda xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida so‘nggi yillarda erishilgan natijalar sarhisob qilinib, istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar muhokama etildi.
Xususan, TDT doirasida amalga oshirilayotgan qo‘shma tashabbuslardan biri — texnologik sun’iy yo‘ldoshni yaratish loyihasiga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur loyiha orqali a’zo davlatlar o‘rtasida texnologik transferni yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot salohiyatini birlashtirish hamda yosh mutaxassislarni tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, kun tartibiga quyidagi ustuvor masalalar kiritildi: Yer kuzatuvi sun’iy yo‘ldoshlari ma’lumotlaridan qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi va ekologik monitoringda keng foydalanish, favqulodda vaziyatlarni erta aniqlash va ularning oqibatlarini kamaytirishda kosmik texnologiyalarni joriy etish, geoinformatsion tizimlar (GIS) va katta ma’lumotlar (Big Data) asosida tahliliy platformalarni rivojlantirish, kosmik sanoatda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, kadrlar tayyorlash va qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish.
So‘nggi yillarda TDT mamlakatlari kosmik sohada muhim natijalarga erishdi. Jumladan, Turkiya va Qozog‘iston tomonidan Yer kuzatuvi sun’iy yo‘ldoshlari orbitaga chiqarildi, Ozarbayjon telekommunikatsiya yo‘ldoshlari orqali xalqaro xizmatlar ko‘rsatib kelmoqda, O‘zbekistonda esa kosmik monitoring asosida yer va suv resurslarini boshqarish, ekologiya, geologiya hamda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Mazkur 5-yig‘ilish TDT doirasida kosmik siyosatni muvofiqlashtirish, qo‘shma infratuzilmalarni shakllantirish va mintaqaviy kosmik ekotizimni yaratish yo‘lida muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.
U nafaqat siyosiy muloqot platformasi, balki aniq amaliy loyihalarni shakllantirish va ilgari surish uchun samarali mexanizm vazifasini bajaradi.
Toshkentda o‘tkazilgan ushbu nufuzli tadbir O‘zbekistonning kosmik sohadagi faol xalqaro pozitsiyasini mustahkamlash, innovatsion rivojlanish strategiyasini ilgari surish hamda mamlakatni mintaqaviy texnologik markaz sifatida namoyon etish imkonini beradi.