Oʻzbekistonda tadbirkorlarni bozorlar orqali qoʻllab-quvvatlash muhokama qilindi
Oʻzbekistonda tadbirkorlarni bozorlar orqali qoʻllab-quvvatlash muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 24 mart kuni Savdo-sanoat palatasida raqamli reklamani rivojlantirish, mahsulotlarni xalqaro marketpleyslarda joylashtirish bo‘yicha soha vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan 2025 yilda 82 ta tadbirkorlik subyektlariga mahsulotlarni reklama qilish hamda savdo maydonchalarida joylashtirishda 7,6 mlrd so‘mlik moliyaviy yordam ajratildi.
Uchrashuvda Savdo-sanoat palatasi, “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ, Alibaba.com, Wildberries elektron savdo maydonchalari vakillari hamda turli sohadagi tadbirkorlik subyektlari ishtirok etib, unda mahalliy mahsulotlarimizni xalqaro marketpleyslarda joylashtirish orqali sotishni rivojlantirish bo‘yicha fikrlar almashinildi va takliflar bildirildi.
Uchrashuvda asosiy eʼtibor elektrotexnika, yengil sanoat va qurilish materiallari yo‘nalishlarida ish olib borayotgan korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Xususan, mahsulotlarni xalqaro va mahalliy marketpleyslar orqali sotishni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tadbir davomida tadbirkorlar amalda mavjud qo‘llab-quvvatlash choralarini yana-da kengaytirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha quyidagi takliflarni bildirdilar:
marketpleyslarda savdo qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qisqartirish va ularni qisman kompensatsiya qilish;
reklama xarajatlari uchun ajratilayotgan subsidiyalarni kengaytirish;
marketpleyslarga chiqish jarayonlarida davlat tomonidan amaliy va tashkiliy ko‘makni kuchaytirish.
Shuningdek, ishtirokchilar kichik va o‘rta biznes subyektlarini yirik ishlab chiqaruvchilar bilan kooperatsiya asosida bog‘lash orqali yagona zanjir yaratish tashabbusini ilgari surdilar.
Yakunda ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar asosida aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishib olindi.