Oʻzbekistonda “Sud-ekspertlik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan nodavlat sud ekspertlarining huquqiy maqomi belgilanmoqda. Ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa (tashkilot)larning o‘z faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishiga ruxsat berish nazarda tutilyapti.
Shuningdek, sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazishda ilg‘or xorijiy tajribadan keng foydalanish imkoniyatini yaratish maqsadida sud ekspertizasini tayinlovchi organga (shaxsga) o‘z tashabbusi bilan yoki davlat sud-ekspertiza muassasasi rahbarining iltimosnomasiga asosan sud ekspertizasi sohasidagi xorijiy davlat mutaxassislarini sud eksperti sifatida jalb etish xuquqi berilmoqda.
Bundan tashqari, advokatning so‘rovi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq shartnoma asosida davlat va nodavlat sud ekspertlari tomonidan tadqiqotlar o‘tkazish va ekspertlik fikrini berish tartiblari nazarda tutilmoqda.
Sud-ekspertlik faoliyatining yanada ishonchliligini oshirish maqsadida akkreditatsiya va validatsiya institutlarini joriy etish qonun loyihasida aks etmoqda. Qolaversa, nodavlat sud ekspertlarini birlashtiruvchi, ularga yaqindan yordam beruvchi Sud ekspertlari palatasini tashkil etish hamda uning vazifalari belgilanyapti.
Majlisda deputatlar tomonidan qonun loyihasini ishlab chiqishda xorijiy mamlakatlarda sud-ekspertlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ hujjatlar o‘rganib chiqilgani hamda loyihani ishlab chiqishda inobatga olingani alohida qayd etildi.
Mazkur qonun loyihasi sud ekspertlari faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash, ekspertiza xulosalarining ishonchliligini yanada oshirishga qaratilgan.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.