Oʻzbekistonda qurilish sohasini nazorat qilish toʻgʻrisida qonun qabul qilindi

Oʻzbekistonda qurilish sohasini nazorat qilish toʻgʻrisida qonun qabul qilindi

Oʻzbekistonda qurilish sohasini nazorat qilish toʻgʻrisida qonun qabul qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda qurilish sohasida davlat nazorati va boshqaruvini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatda noqonuniy qurilishlarning oldini olish, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash hamda shaharsozlik sohasida huquqbuzarliklarni qisqartirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, ayrim hollarda vakolatli organlar ruxsatisiz turar-joy binolarini qurish holatlari saqlanib qolayotgani, shuningdek, qator obyektlarda seysmik xavfsizlik talablariga to‘liq rioya etilmayotgani qayd etildi.

Ushbu qonun loyihasi bilan ko‘p kvartirali uy-joylarni ruxsatsiz qurganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Xususan, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, mazkur huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Bunday qoidabuzarlik takroran sodir etilgan taqdirda esa, jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Shuningdek, Shaharsozlik kodeksiga “master reja” tushunchasini shaharsozlik hujjatlarining alohida turi sifatida kiritish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu hujjat hududlarni kompleks rivojlantirish, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik yondashuvlarni uyg‘unlashtirish imkonini beradi.

Belgilanayotgan yangi qoidalar ehtiyoj tobora ortib borayotgan binolar, jumladan, aholi turar joylarining sifatli qurilishini ta’minlashga qaratilgan.

Mas’ul qo‘mita tomonidan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlarning takliflari asosida bir qator normalar qayta ko‘rib chiqilib, tadbirkorlarning manfaatlaridan kelib chiqib yanada takomillashtirilgani alohida ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, mazkur hujjatning qabul qilinishi shaharsozlik sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash, noqonuniy qurilishlarning oldini olish, aholi huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda xavfsiz va sifatli uy-joy qurilishini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling