Valyuta kurslari 10/02/2026
$1 – 12320.34
UZS – 0,14%
€1 – 14614.39
UZS – 0,73%
₽1 – 159.36
UZS – -0,25%
Qidirish
Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda

Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda

Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti tadqiqotchisi Olimjon Boymatovning kashfiyoti sohada keskin burilish yasadi. Yosh olim tomonidan 3D bioprinterlari uchun zarur boʻlgan bio-siyoh asosini oʻzimizning mahalliy oʻsimliklardan olish usuli aniqlandi.  

Germaniyada o‘talgan ilmiy stajirovka natijasida yaratilgan kashfiyotga Intellektual mulk agentligi tomonidan ijobiy xulosa berilgan bo‘lib, hozirda u patentlash jarayonidan o‘tmoqda.

—Yurtimiz olimlari inson organizmiga toʻliq mos tushadigan, zararsiz shu bilan birga narx jihatdan ham ancha arzon, mahalliy sharoitda ishlab chiqarish mumkin boʻlgan bio-siyoh yaratish bo‘yicha uzoq yillardan beri izlanish olib borayotgan edilar. Yillar davomida olingan natijalar biz kutganchalik samarali bo‘lmagan edi. 2024-yilda Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan eʼlon qilingan stajirovka tanlovida ishtirok etdim va  Germaniyaning nufuzli Leibniz Universitetida zamonaviy bioprint texnologiyalari hamda gidrogellar olish boʻyicha yangi metodlarni oʻrgandim. Natijada inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkonini beruvchi bio-siyoh boʻyicha ijobiy xulosalar oldim.  Yangi gidrogel tarkibi mahalliy oʻsimliklar polisaxaridlaridan iborat bo'lib, unda inson hujayralari — iMSC yashay oladi va rivojlanadi. Bu esa inson tanasiga begona boʻlmagan, tez moslashuvchan va xavfsiz sunʼiy aʼzolar hamda toʻqimalarni chop etishda ayni muddao,-deydi Olimjon Boymatov.

Butun dunyoda millionlab insonlar organlarni koʻchirib oʻtkazish amaliyoti uchun navbatda turadilar. Buning asosiy sababi har doim ham zarur organ boʻyicha donor topilavermaydi. Muammoga yechim topish maqsadida dunyo olimlari tomonidan 3D bioprinterlarni rivojlantirish boʻyicha doimiy izlanish olib boriladi. Hozirga qadar olib borilgan tadqiqotlar qon tomirlar, teri va togʻaylar, qolaversa yurak, jigar va buyrakni shu usulda chop etish mumkinligini tasdiqlagan. Shu sababli jahonda bio-siyohga bo‘lgan talab juda yuqori bo‘lib, uning narxi ham ancha qimmat. 

Mazkur kashfiyot kelajakda donorlik a’zolariga bo‘lgan ehtiyojni qoplashga va ko‘plab bemorlarning hayotini saqlab qolishga xizmat qiladi. Qolaversa, yurtimiz ilm-fani va tibbiyoti rivojida muhim qadam sanaladi.

Maʼlumot oʻrnida, 2025-yilda 147 nafar yosh olim Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan eʼlon qilingan stajirovka tanlovlari natijasida xorijda stajirovka oʻtadi. To‘liq davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan ushbu stajirovkalar yosh olimlarga o‘z tadqiqotlarini yanada takomillashtirish va ilm-fan sohasida yangi kashfiyotlar qilishga keng imkoniyat yaratmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling