Oʻzbekistonda 20 kg dan ortiq giyohvand moddalar musodara qilindi
Oʻzbekistonda 20 kg dan ortiq giyohvand moddalar musodara qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona idoralari xodimlari hamkorligida Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, Toshkent shahrida yashovchi, 1984 y.t. fuqaro muqaddam narkokuryerlar tomonidan Ohangaron tumanidagi dala maydoniga yashirib ketilgan 4 kg 935 gr “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasini olgan vaqtida ushlandi.
Aniqlanishicha, internet-narkodo‘konning “omborchi” lavozimidagi ishchisi hisoblangan mazkur shaxs ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositalarini “zakladka” usulida yashirib ketilgan lokatsiyalardan olish va qismlarga ajratgan holda, respublikamizning turli viloyatlariga yetkazib berish bilan shug‘ullangan.
DXX xodimlari tomonidan Toshkent shahrining Yangihayot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi, 1981 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs to‘xtatilib, uning qo‘lidagi 1 dona xo‘jalik qopi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda 9 kg 829 gr “gashish” moddasi borligi maʼlum bo‘ldi va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan holatda Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida, Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi, 1959 y.t. fuqaroning yashash xonadoni tegishli tartibda ko‘zdan kechirildi.
Natijada, u muqaddam qo‘shni davlatlarning biridan olib kelingan 4 kg 652 gr “opiy”, 380 gr “gashish” va 492 gr “marixuana” giyohvandlik vositalarini kelgusida mijozlarga sotish maqsadida saqlab kelayotganligi maʼlum bo‘ldi.
Hozirda har uchala holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.