Oʻzbekiston zoʻravonlik qurboni boʻlgan ayollarni qoʻllab-quvvatlash va bolalar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunni koʻrib chiqmoqda
Oʻzbekiston zoʻravonlik qurboni boʻlgan ayollarni qoʻllab-quvvatlash va bolalar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunni koʻrib chiqmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis (parlament) Qonunchilik palatasi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda bolaning eng ustun manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.
Ushbu qonun loyihasi bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda ayollarni reabilitatsiya qilish markazlariga zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar manfaatlarini ko‘zlab sudlarga davlat boji to‘lamasdan murojaat qilish va sud majlislarida ularning vakili sifatida ishtirok etish huquqi berilishi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, jabrlanuvchilar maxsus markazlarda bo‘lgan davrda ish joyi va lavozimini saqlab qolish kafolatlanmoqda.
Bundan tashqari, milliy qonunchilikka “bolaning eng ustun manfaatlari” tushunchasini kiritish orqali bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi huquqiy asoslar takomillashtirilyapti.
Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini davlat tomonidan himoya qilishning huquqiy asoslari yanada mustahkamlanadi. Shuningdek, bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi milliy qonunchilik xalqaro standartlarga uyg‘unlashtiriladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.