Oʻzbekiston zargarlik brendlari Nyu-Yorkdagi koʻrgazmada mamlakatimizni namoyish etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksportyorlarning xalqaro yarmarka va ko‘rgazmalarda ishtirokini tizimli ravishda tashkil etib kelmoqda.
26–28-oktabr kunlari Vazirlik delegatsiyasi AQShning Nyu-York shahrida o‘tgan JA New York xalqaro zargarlik ko‘rgazmasida O‘zbekistonning yetakchi zargarlik kompaniyalari ishtirokini boshqardi.
Ko‘rgazmada CARATO, ST TILLO KORI, FANON, SOUVENIR va BUTTERFLY zargarlik uylari o‘z mahsulotlarini namoyish etdilar.
Milliy uslubda yaratilgan, an’anaviy naqshlar zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashgan asarlar tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Har bir zargarlik buyumi O‘zbekistonning nafisligi va boy madaniy merosining ramziga aylandi.
Tadbir doirasida ko‘rgazmada ishtirok etgan mamlakatlarning 10 dan ortiq kompaniyalari bilan B2B uchrashuvlar o‘tkazildi. Muhim jihatlardan biri - Jewellers of America assotsiatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar bo‘lib, unda barqaror biznes aloqalarini o‘rnatish va hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Erishilgan kelishuvlar O‘zbekistonning zargarlik brendlarini jahon bozoriga ilgari surishning yangi bosqichini boshlab berdi hamda tajriba almashish, hamkorlar va investitsiyalarni jalb etish uchun qulay sharoit yaratadi.