Oʻzbekiston Xalqaro yadro energiyasi sammitida ishtirok etdi
Oʻzbekiston Xalqaro yadro energiyasi sammitida ishtirok etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 10-mart kuni Parijda Xalqaro Atom energiyasi agentligi (XAEA) shafeligida Yadro energetikasi bo‘yicha ikkinchi xalqaro sammit (Nuclear Energy Summit 2026) bo‘lib o‘tdi.
Tadbir 2024-yil 21-mart kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan birinchi Sammitning davomi sifatida Fransiya Respublikasi Hukumati tomonidan tashkil etildi.
Xalqaro sammitda O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasiga "O‘zatom" agentligi direktori Azim Axmedxadjayev boshchilik qildi.
Sammitda davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari rahbarlari, yadro sanoati vakillari, yetakchi ekspertlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar atom energetikasining dekarbonizatsiya maqsadlariga erishish, global energetika muammolarini hal qilish va energiya xavfsizligini mustahkamlashdagi asosiy o'rnini ko‘rib chiqdilar.
Yadro energetikasi bugungi kunda jahon hamjamiyatining e’tiborini tobora ko‘proq jalb qilmoqda. U dunyodagi elektr energiyasi ishlab chiqarishning deyarli 10 foizini tashkil qiladi va ko‘plab mamlakatlar uni asosiy energiya manbai va barqaror past uglerodli ishlab chiqarishni ta’minlash uchun qayta tiklanadigan manbalarga eng ishonchli qo‘shimcha sifatida ko‘rishadi.
Sammitdan ko‘zlangan maqsad atom energetikasini xavfsiz va barqaror rivojlantirishga qaratilgan xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, davlatlar, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari va atom sanoati tarmog‘i o‘rtasida yangi tashabbus va sheriklikni rag‘batlantirishdan iborat.
XAEA bosh direktori Rafael Grossi sammit ishida faol ishtirok etish bilan birgalikda, muhim bayonot bilan chiqdi. Tadbirni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bilan birgalikda yuqori malakali texnik ekspertiza taqdim etdi, panel sessiyalari va davra suhbatlarida chuqur va mazmunli munozaralarni shakllantirishga hissa qo‘shdi. Ushbu muhokamalarda yadroviy texnologiyalar, yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik, moliyalashtirish mexanizmlari, innovatsion yechimlar va global hamkorlik sohasidagi eng dolzarb yutuqlar aks ettirildi.
Jahon yetakchilarining nutqlari ushbu tadbirda, atom energetikasining global energetika, xavfsizlik va iqlim kelajagi uchun strategik roliga ishonch ortib borayotganini yaqqol ko‘rsatdi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron forumni ochar ekan, xavfsizlikni ta’minlashda erishilgan yutuqlarni ta’kidladi. "Fukusima davridan beri xatolar ustida ish olib borildi va hozir ishonch bilan aytish mumkinki, atom xavfsiz". U atom ortida haqiqiy kelajak borligini ta’kidlab, innovatsion texnologiyalar - kichik modulli reaktorlarni (KMR) alohida ta’kidlab, "Ayniqsa, KMR qiziqish uyg‘otmoqda, buning ortida kelajak turibdi va biz buni albatta Fransiyada amalga oshiramiz", dedi. Prezident Makron yadroviy ta’minot zanjiridagi xalqaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratib, "...O‘zbekiston, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston kabi uran ishlab chiqaruvchi davlatlar bilan ta’minot zanjirlarini rivojlantirish va uranni boyitish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha alohida munosabatlarni rivojlantirishimiz kerak", deya ta’kidladi.
Yangi yadroviy texnologiyalarni ishonchli rivojlantirishning ushbu yo‘nalishini Yevropa Komissiyasi Raisi Ursula fon der Lyayen davom ettirdi, u aynan KQAESga e’tibor qaratdi. U 2030-yillarning boshidayoq ushbu texnologiyalarni ishga tushirish maqsadida ularni jadal joriy etish bo‘yicha yangi Yevropa strategiyasini taqdim etib, o‘tmishda fuqarolik yadro energiyasidan voz kechish strategik xato bo‘lganini va Yevropa atom sanoatini global tiklashda faol ishtirok etish niyatida ekanligini ta’kidladi.