Oʻzbekiston va YTTB Star Venture dasturi doirasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 24-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda UzVC Milliy venchur fondi vakillarining Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) jamoasi bilan ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar YTTBning O‘zbekistonda yuqori o‘sish salohiyatiga ega startaplarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga qaratilgan “Star Venture” dasturini ishga tushirish doirasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Mazkur dastur maslahat yordami, xalqaro trenerlikdan foydalanish va global investitsiya tarmoqlari bilan aloqalarni o‘rnatishda yordam beradi.
Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash, O‘zbekistonda innovatsiyalar, startaplar va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqishdan manfaatdor ekanliklarini yana bir bor tasdiqladi.