Oʻzbekiston va Yaponiya reabilitatsiya xizmatlari sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda
Oʻzbekiston va Yaponiya reabilitatsiya xizmatlari sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori va Yaponiya “Kitahara International Hospital” muassasasi rahbari doktor Shigemi Kitaxara o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Yaponiya ilg‘or texnologiyalaridan foydalangan holda kunduzgi parvarishlash va reabilitatsiya markazlarini rivojlantirish, shuningdek Yaponiyada qo‘llanilayotgan metodika va amaliyotlar asosida mahalliy mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, mamlakatimizda reabilitatsiya tizimini takomillashtirishda zamonaviy, ilmiy asoslangan yondashuvlarni joriy etish ustuvor vazifa ekani ta’kidlab o‘tildi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlikni bosqichma-bosqich kengaytirish, sohaga Yaponiyaning innovatsion tajribasini tatbiq etish, mutaxassislar uchun o‘quv-amaliy dasturlarni yo‘lga qo‘yish hamda reabilitatsiya xizmatlarini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish borasida kelishib oldilar.