Oʻzbekiston va Xitoy taʼlim vazirlari Samarqandda hamkorlikning yangi bosqichlarini muhokama qildilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —
Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi bilan bir vaqtda oʻtkazilayotgan xalqaro uchrashuvlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Xitoy Xalq Respublikasi taʼlim vaziri Xuay Szinpin bilan muzokaralar olib bordi.
Suhbat chogʻida ikki mamlakat oʻrtasidagi taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, xususan, muhandislik taʼlimi, raqamli texnologiyalar, kasbiy taʼlim va pedagog kadrlar tayyorlash sohalaridagi istiqbolli yoʻnalishlar muhokama qilindi.
Qoʻngʻirotboy Sharipov soʻnggi yillarda Oʻzbekiston–Xitoy hamkorligi izchil institutsional tus olganini taʼkidlab, 2024–2025-yillarda amalga oshirilgan yutuqlar haqida maʼlumot berdi.
Shu jumladan, ikki davlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida 29 ta qoʻshma taʼlim dasturi yoʻlga qoʻyilgani, Urganch davlat universitetida Pekin universiteti hamkorligida Muxammad al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro matematik markaz ochilgani taʼkidlandi.
Uchrashuvda shuningdek, Sian neft universitetining Samarqanddagi filiali hamda Pekin texnologiya instituti bilan hamkorlikda Injenerlik innovatsiyalar laboratoriyasini tashkil etish rejalari muhokama qilindi.
Tomonlar kasbiy taʼlim sohasidagi “Oʻzbek–Xitoy kasbiy taʼlim alyansi” faoliyatini rivojlantirish, “Xitoy ustaxonalari” loyihasini har bir hududda joriy etish va raqamli taʼlim yoʻnalishida hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan kelishib oldilar.
Qoʻngʻirotboy Sharipov, shuningdek, Xitoy tilini oʻqitishni yanada rivojlantirish, sinxron tarjimonlar va yuqori malakali lingvistlar tayyorlash borasida ham amaliy qadamlar tashlashni taklif etdi.
Uchrashuv yakunida ikki vazir hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, shu jumladan, Toshkent shahrida 2-3-noyabr kunlari boʻlib oʻtadigan Ikkinchi Oʻzbekiston–Xitoy taʼlim forumi doirasida aniq tashabbuslarni ilgari surishga kelishib oldilar.