Oʻzbekiston va Xitoy qoʻshma farmatsevtika tadqiqotlari boʻyicha kelishib oldilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Xitoyning “Guoju Medical Technology” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida “Bir belbog‘ - bir yo‘l” tashabbusini amalga oshirish doirasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv doirasida “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri hududida O‘zbekiston sharq tabobati va Xitoy xalq tabobatini uyg‘unlashtirgan yangi ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish tashabbusi muhokama etildi.
Shuningdek, tomonlar qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, yangi tibbiy va farmatsevtik yo‘nalishlarda tadqiqotlarni birgalikda olib borish, hamda o‘zbek ilmiy xodimlarini Xitoyda malaka oshirish va tajriba almashish dasturlariga jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Ushbu tashabbus ikki mamlakat ilmiy hamjamiyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, zamonaviy bilim va ilg‘or tajribalar almashinuviga xizmat qiladi.