Oʻzbekiston va Xitoy qishloq xoʻjaligiga aqlli texnologiyalarni joriy etishni muhokama qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Kuni kecha Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev Xitoy Xalq Respublikasining bir nechta yetakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida “aqlli” texnologiyalarni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda “Aqlli dehqon xo‘jaligi”ni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, xususan, paxta xomashyosini yetishtirish va qayta ishlashning barcha bosqichlarida Xitoyning sun’iy intellekt asosidagi ilg‘or yechimlarini O‘zbekistonda qo‘llash masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, pilot ekin maydonlarini ajratish, investitsiya kiritish, mahsulot yetishtirish va qayta ishlash quvvatlarini yaratish, shuningdek, milliy axborot tizimlari bilan bir qatorda xorijiy raqamli platformalardan foydalanish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashildi.
Muloqot davomida so‘nggi yillarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida resurs tejamkor texnologiyalar, dronlar yordamida agrotexnik jarayonlarni avtomatlashtirish va XXRning zamonaviy agrotexnologiyalaridan foydalanish yuqori samaradorlikni ta’minlayotgani alohida ta’kidlandi.