Valyuta kurslari 29/01/2026
$1 – 12168.98
UZS – 0,34%
€1 – 14588.17
UZS – 1,17%
₽1 – 159.89
UZS – 0,86%
Qidirish
Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi parlament va ilmiy hamkorlik mustahkamlanmoqda

Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi parlament va ilmiy hamkorlik mustahkamlanmoqda

Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi parlament va ilmiy hamkorlik mustahkamlanmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari R. Hakimov, shuningdek, siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlarining Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi a’zosi, Xitoy Xalq Respublikasi Ijtimoiy fanlar akademiyasi Prezidenti Gao Syan boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida mehmonlarga yangi tahrirdagi Konstitutsiya, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, parlament faoliyatidagi institutsional o‘zgarishlar hamda qonun ijodkorligi sohasida joriy etilayotgan yangicha yondashuvlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Mehmon ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va do‘stlikka asoslangan munosabatlar O‘zbekiston — Xitoy aloqalarining barcha darajada izchil rivojlanishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi muntazam muloqotlar bunga yorqin misol bo‘la oladi.

Gao Syanning qayd etishicha, so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston mutlaqo yangi qiyofa kasb etdi. Iqtisodiyotning jadal rivojlanishi, aholi farovonligining izchil oshib borishi, shuningdek, O‘zbekistonning nafaqat mintaqada, balki xalqaro maydondagi nufuzi mustahkamlanib borayotgani davlat rahbarining qat’iy siyosiy irodasidan dalolat beradi. Ta’kidlanganidek, mazkur islohotlar davlat siyosatida inson manfaatlari ustuvor ekanini yaqqol namoyon etmoqda.

Shu bilan birga, delegatsiya rahbari “Yangi O‘zbekiston” taraqqiyoti davrida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani alohida ta’kidladi.

Muzokaralar davomida Xitoy Kommunistik partiyasi XX syezdi IV Plenumining yakunlari hamda Xitoyning 15 besh yillik rejasi doirasida hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi. Jumladan, parlamentlararo va partiyalararo muloqotni chuqurlashtirish, kambag‘allikka qarshi kurash, korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar, raqamli va “yashil” iqtisodiyot sohalarida tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, xalqaro tashkilotlar va ko‘p tomonlama formatlar, jumladan BMT, SHHT hamda “Xitoy — Markaziy Osiyo” doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida Xitoy tomoni O‘zbekistonning 2025-yil noyabr oyida o‘tkazilgan “Xitoy — Markaziy Osiyo” siyosiy partiyalarining ikkinchi muloqotini muvaffaqiyatli tashkil etishdagi qo‘llab-quvvatlashi uchun minnatdorlik bildirdi. Tomonlar kelgusida ham o‘zaro hamkorlikni izchil rivojlantirishga kelishib oldilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling