Oʻzbekiston va Xitoy farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Xitoy farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi xodimlari va Xitoy Xalq Respublikasining “Beijing Huahe International Business Consulting Co., Ltd.” kompaniyasi vakillari bilan video-konferens aloqa vositasi orqali onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur kompaniya farmatsevtika sohasida keng hamkorlik tarmog‘iga ega bo‘lib, 30 dan ortiq farmatsevtika kompaniyalari, jumladan, Xitoyning yetakchi tashkilotlaridan biri bo‘lgan “Sinopharm” bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Muzokaralar davomida tibbiyot va farmatsevtika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Xususan: tibbiy uskunalarni yetkazib berish va mahalliylashtirish, farmatsevtika mahsulotlarini import qilish va ishlab chiqarish, texnologiyalar transferi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, kontrakt asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va mintaqaviy va xalqaro bozorlarga chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni izchil rivojlantirish, aniq loyihalarni ishlab chiqish hamda kelgusida o‘zaro aloqalarni faol davom ettirishga kelishib oldilar.