Oʻzbekiston va Xitoy bosma elektron platalar ishlab chiqarish istiqbollarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Xitoy bosma elektron platalar ishlab chiqarish istiqbollarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — "O‘zeltexsanoat" uyushmasiga Xitoy Xalq Respublikasining elektrotexnika va elektronika sohasida faoliyat yurituvchi bir qator kompaniyalari vakillari tashrif buyurdi.
Jumladan, tashrif doirasida "Shenzhen Welldone Circuit", “Shenzhen Longx Development”, “Jian Geman Electric”, “Shenzhen Premium Tech” hamda boshqa hamkor tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.
Tashrif doirasida “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov xorijiy delegatsiya bilan muzokaralar olib bordi. Xususan, O‘zbekistonda bosma elektron platalar (PCB) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish istiqbollari bo‘yicha “Shenzhen Welldone Circuit” kompaniyasi bosh direktori Zeng Runding hamda kompaniyaning texnik direktori Liu Huihuang bilan batafsil fikr almashildi.
Muzokaralar davomida bosma platalar ishlab chiqarish texnologiyalari, xalqaro sifat va xavfsizlik standartlari, muhandislik yechimlari hamda mazkur yo‘nalishda O‘zbekiston sanoat infratuzilmasining imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, elektrotexnika, sanoat avtomatikasi, avtomobil elektronika va qayta tiklanuvchi energetika tarmoqlarida bosma platalarga bo‘lgan ehtiyoj masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik masalalarini qo‘shimcha o‘rganish, texnik va iqtisodiy jihatlarni tahlil qilish hamda kelgusida mumkin bo‘lgan hamkorlik shakllari yuzasidan muloqotni davom ettirish bo'yicha kelishuvga erishdilar.