Oʻzbekiston va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi makroiqtisodiy barqarorlik va infratuzilmani rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi makroiqtisodiy barqarorlik va infratuzilmani rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 18-noyabr kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ)ning O‘zbekiston bo‘yicha missiyasi rahbari Yasser Abdih boshchiligidagi delegatsiya vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda XVJ katta iqtisodchisi Etibor Jafarov, O‘rta Sharq va Markaziy Osiyo bilan ishlash bo‘limi katta iqtisodchisi Alexandro Simone, XVJning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Koba Gvenetadze hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Banki raisi Timur Ishmetov, Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamroyev va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, mamlakatimizdagi iqtisodiy jarayonlar, jumladan, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, prognozlar, belgilangan maqsadlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan muhokamalar olib bordi.
Xususan, muhokamalar davomida tomonlar quyidagi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tdi:
Makroiqtisodiy rivojlanish va barqarorlikni ta’minlash: YAIMning o‘sishi, inflatsiyani barqaror ravishda kamaytirish;
Transformatsiya va xususiylashtirish jarayonlari;
Energiya bozorlarini rivojlantirish, energetika sohasida bozor munosabatlarini mustahkamlash;
Davlat-xususiy sheriklik (DXSH) mexanizmlari asosida amalga oshirilayotgan loyihalar: elektr energiyasini yetkazib berish, transport infratuzilmasini yaxshilash, jumladan, zamonaviy aeroportlar va yo‘llar barpo etish;
Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish;
Soliq boshqaruvi va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish;
Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishni jadallashtirish.
Muzokaralar davomida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda fikrlar almashinuvi jarayonlarini kengaytirish yuzasidan kelishib oldi.