Oʻzbekiston va xalqaro hamkorlar fazoviy maʼlumotlarni raqamlashtirish masalasini muhokama qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari Ilhom Norqulov, Yevropa Ittifoqi vakili Jana Kurpiza, Jahon bankining shaharsozlik boʻyicha katta mutaxassisi Muhammad Nada ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda, Qurilish vazirligi, Milliy statistika qoʻmitasi, Kadastr agentiligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi vakillari hamda vazirlikning tegishli xodimlari ishtirok etishdi.
Muzokaralar davomida tomonlar Oʻzbekistonda Fazoviy maʻlumotlar milliy infratuzilmasini (NSDI) raqamlashtirish va integratsiya qilish loyihasi doirasidagi hamkorlik istiqbollarini atroflicha muhokama qildi.
Fazoviy maʻlumotlar milliy infratuzilmasi (NSDI) geofazoviy maʻlumotlarni samarali yigʻish, saqlash, boshqarish va almashishni taʻminlovchi texnologik, huquqiy va tashkiliy yechimlar majmuasidan iborat. NSDIni joriy etish davlat boshqaruvi, shaharsozlik, transport, ekologiya va boshqa muhim sohalarda fazoviy maʻlumotlardan foydalanish uchun yagona raqamli platforma yaratadi.
Muzokaralar davomida tomonlar loyihaning quyidagi asosiy yoʻnalishlariga alohida toʻxtalib oʻtdi:
• hududlarning mintaqaviy va iqtisodiy salohiyatini har tomonlama tahlil etish;
• shahar va qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish;
• hududiy rejalashtirish jarayonlariga zamonaviy raqamli va geoaxborot texnologiyalarini tatbiq etish;
• idoralararo hamkorlikni mustahkamlash va xalqaro ekspertlarni faol jalb qilish.
Uchrashuv yakunida tomonlar “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlariga erishish va mamlakatning barcha hududlarini jadal va kompleks rivojlantirish yoʻlida hamkorlikni yanada kengaytirish hamda qoʻshma tashabbuslarga kirishishdan oʻzaro manfaatdor ekanliklarini bildirdi.