Oʻzbekiston va Vengriya Samarqandda Smart City modelini joriy etish masalasini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Vengriya Samarqandda Smart City modelini joriy etish masalasini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Vengriya davlat boshqaruvi va hududiy rivojlanish vaziri T. Navrachich, Sirdaryo viloyati hokimi E. Turdimov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi direktori v. b. U. Xusainov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Dastlab ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlik va do‘stona munosabatlar izchil rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarilayotgani qayd etildi. Bu jarayonlar mamlakatlar Yetakchilarining o‘zaro ishonchga asoslangan siyosati va olib borayotgan izchil diplomatik sa’y-harakatlari samarasi ekanligiga alohida urg'u berildi.
Muhokamalar davomida Vengriyaning "Smart qishloqlar" modelini Sirdaryo viloyati Xovos tumanida pilot loyiha shaklida amalga oshirish, boshqaruv samaradorligini oshirish, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish masalalariga to‘xtalindi.
Uchrashuv natijasida Sirdaryo viloyati Xovos tumanida 50 ga yer maydonida O‘zbekiston-Vengriya texnoparkini tashkil etish, Vengriyaning Budapesht shahrida tadbirkorlar ishtirokida biznes-forum tashkil qilish, Guliston davlat universitetida Vengriyaning MATE universiteti baliqchilik fakultetini tashkil qilish hamda bir qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi va Vengriyaning Davlat boshqaruvi va hududiy rivojlantirish vazirligi o‘rtasida davlat boshqaruvi va davlat fuqarolik xizmati sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida ishtirokchilar davlat xizmati, inson resurslarini boshqarish va davlat boshqaruvi sohalarida qo‘shma tadbirlar, loyihalar va o‘quv dasturlarini amalga oshiradi. Shuningdek, innovatsion boshqaruv usullari, inson kapitali samaradorligini oshirish hamda hududlarni rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlik qilinadi.