Oʻzbekiston va Turkmaniston qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Turkmaniston qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Turkmaniston qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov “Italiya – Markaziy Osiyo (C5) + Ozarbayjon” xalqaro forumi doirasida Turkmaniston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Berkeli Berkeliyev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, agrar sohada o‘zaro tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, ayniqsa paxta urug‘chiligi, uni hududlar kesimida joylashtirish va yuqori hosildor navlarni joriy etish borasida hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligida raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda sohaga innovatsion yondashuvlarni keng tatbiq etish masalalari ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Tomonlar bu borada qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish, tajriba almashish va ilg‘or yechimlarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha fikr almashdilar.

Muloqot davomida fermerlar malakasini oshirish, ularni zamonaviy agrotexnologiyalar asosida o‘qitish maqsadida pilot loyihalarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi. Bu orqali qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, hosildorlikni ko‘paytirish va eksport salohiyatini kengaytirish mumkinligi ta’kidlandi.

Yakunda tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish yo‘lida birgalikda ishlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling