Oʻzbekiston va Turkiya qishloq xoʻjaligi sohasida strategik hamkorlikni mustahkamlamoqda
Oʻzbekiston va Turkiya qishloq xoʻjaligi sohasida strategik hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston va Turkiya qishloq xoʻjaligi sohasida strategik sheriklikni kengaytirishda davom etmoqda.
Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi departament boshligʻi Shoxrux Akramov Turkiyaga ishchi tashrifi davomida Turkiya Respublikasi Qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vazirligi rahbariyati bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.
Muzokaralar davomida ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda ilmiy-texnik hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, xizmat safari doirasida delegatsiya Turkiya Qishloq xo‘jaligi korxonalari bosh boshqarmasi — TIGEM bosh direktori o‘rinbosari Kamer Erturan Ibrishim hamda Turkiya Respublikasining Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va siyosati bosh boshqarmasi — TAGEM bosh direktori o‘rinbosari doktor Fatix O‘zdemir bilan ham uchrashdi.
O‘zaro muloqotlar chog‘ida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida chorvachilik va urug‘chilik yo‘nalishlarida hamkorlikni davom ettirish, ilg‘or tajribalar almashish, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, ilmiy-innovatsion tajribalar almashish, ilg‘or texnologiyalarni transfer qilish hamda qishloq xo‘jaligida qo‘shma ilmiy dasturlar ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini kuchaytirish, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish hamda texnologiyalar transferi bo‘yicha qo‘shma dastur tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishdilar.