Oʻzbekiston va Turkiya Otaturk universiteti bilan hamkorlikni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Turkiya Otaturk universiteti bilan hamkorlikni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 7 aprel kuni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Turkiya Respublikasining nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri Ataturk universiteti rektori Doktor Ahmet Hajimuftuo‘g‘lu bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ataturk universiteti Turkiyaning yetakchi taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biri hisoblanib, tibbiyot, farmakologiya, genetika, biotexnologiya, klinik tadqiqotlar hamda hayot fanlari sohalarida yuksak ilmiy salohiyatga ega.
Zamonaviy ilmiy infratuzilma va 90 ming nafardan ortiq talabasi bilan u mamlakatning eng yirik oliy taʼlim muassasalaridan biri sifatida eʼtirof etilgan.
Uchrashuv davomida Ataturk universiteti tomonidan oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat, jumladan, farmakologiya, genetika, biomeditsina va vaksinalar sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil maʼlumot taqdim etildi.
Shuningdek, universitet vakillari xalqaro hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma taʼlim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish hamda istiqbolda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdilar.
Shu bilan birga, uchrashuvda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tizimidagi Farmatsevtika texnik universiteti, ilmiy-tadqiqot institutlari, biofarmatsevtika yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalar, shuningdek klinik va klinik oldi tadqiqot infratuzilmasining mavjud imkoniyatlari haqida ham maʼlumot berildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar taʼlim, ilm-fan, biotexnologiya, farmatsevtika va klinik tadqiqotlar sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilib, qo‘shma taʼlim va ilmiy-tadqiqot loyihalarini ilgari surish hamda kelgusida muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.