Oʻzbekiston va Turkiya investitsiya va hamkorlikni kengaytirishni onlayn tarzda muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Turkiya investitsiya va hamkorlikni kengaytirishni onlayn tarzda muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 9-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Xalqaro munosabatlar departamenti, O‘zbekiston Respublikasining Turkiyadagi elchixonasi mas’ul vakillari hamda Turkiyaning O‘zbekistondagi ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida Oʻzbekiston-Turkiya o‘rtasidagi navbatdagi Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda hamkorlikning yangi yo’nalishlarida turk kapitalini ishtirokini kengaytirish maqsadida onlayn uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda DEIK (Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi) Turkiya–O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashi raisi Özgür Onur Özgüven, UTID (O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmonlari uyushmasi) boshqaruv kengashi a’zolari hamda uyushma raisi Davut Azmi Erbaş, MUSIAD (Mustaqil sanoatchilar va ishbilarmonlar uyushmasi)ning O‘zbekistondagi rahbari Serdar Kelebek, ASKON (Anadolu sherlari biznesmenlar assotsiatsiyasi)ning O‘zbekistondagi rahbari Ercan Bulut, Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi bosh tijorat maslahatchisi Suavi Önal va tijorat maslahatchisi Ahmet Melih Horata ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning amaldagi holati, barqaror va o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirish, O‘zbekiston bozorida turk investitsiyalari va kapitali ishtirokini kengaytirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirish, biznes muhiti va investitsion sharoitlarni takomillashtirish bilan bog‘liq mavjud masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirish va kengaytirish, shuningdek, belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha samarali va tizimli hamkorlikni davom ettirish yuzasidan kelishib oldilar.