Valyuta kurslari 26/01/2026
$1 – 12084.95
UZS – -0,43%
€1 – 14182.90
UZS – -0,06%
₽1 – 159.31
UZS – -0,43%
Qidirish
Oʻzbekiston va Turkiya 30 million dollarlik Gibrid Urugʻlik Markazini tashkil etishga kelishib oldilar

Oʻzbekiston va Turkiya 30 million dollarlik Gibrid Urugʻlik Markazini tashkil etishga kelishib oldilar

Oʻzbekiston va Turkiya 30 million dollarlik Gibrid Urugʻlik Markazini tashkil etishga kelishib oldilar

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasining Turkiya Respublikasiga xizmat safari doirasida agrar sohada muhim va istiqbolli kelishuvlarga erishildi. Vazirlik boshqarma boshlig‘i Shoxrux Akramov boshchiligidagi delegatsiya Turkiyaning yetakchi agroindustriyal va investitsion kompaniyalari bilan qator muzokaralar hamda biznes uchrashuvlar o‘tkazdi.

Xususan, delegatsiya makkajo‘xori va pista ekinlari uchun onalik hamda otalik urug‘lar yetishtirishga ixtisoslashgan “Armada Brand Seed” kompaniyasi rahbariyati bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Unda kompaniyaning zamonaviy seleksiya texnologiyalari, urug‘chilik sohasidagi ilg‘or tajribasi taqdim etildi. O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasiga investitsiya kiritayotgan xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar — soliq va bojxona imtiyozlari, yer ajratish, infratuzilma bilan ta’minlash hamda davlat qo‘llab-quvvatlovi mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Muzokaralar yakunida tomonlar umumiy qiymati 30 million AQSh dollari bo‘lgan “O‘zbekiston gibrid urug‘lar markazi” loyihasini O‘zbekiston hududida amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu loyiha mamlakatda zamonaviy urug‘chilik tizimini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Anqarada agrar sohada faoliyat yurituvchi yirik investorlar bilan keng ko‘lamli biznes uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda Turkiyaning qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va savdo yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan 10 dan ortiq yirik kompaniya rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

Ular orasida MÜSİAD — 12 mingdan ortiq a’zoga ega bo‘lgan va 60 dan ziyod davlatda vakolatxonalariga ega yirik biznes assotsiatsiyasi, Doğanlar Tarım — zamonaviy agrotexnologiyalar va urug‘chilik yo‘nalishidagi yetakchi kompaniya, hamda Promaks Grain — don mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va eksport bilan shug‘ullanuvchi yirik tashkilotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borildi.

Uchrashuv davomida turk kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga bo‘lgan qiziqishlari va investitsion imkoniyatlari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazdilar. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari esa mamlakatimizda agrar sohani rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar va investorlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berdilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling