Oʻzbekiston va Tojikiston bojxona xizmatlari qoʻshma ishchi guruh tuzish va raqamli maʼlumotlar almashinuvini amalga oshirishga kelishib oldilar
Oʻzbekiston va Tojikiston bojxona xizmatlari qoʻshma ishchi guruh tuzish va raqamli maʼlumotlar almashinuvini amalga oshirishga kelishib oldilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bojxona qo‘mitasi Raisi o‘rinbosari Nodir Musamuhamedov Dushanbeda Tojikiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi rahbari Hurshed Karimzoda bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Davlat bojxona qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muqaddam ikkala davlat bojxona xizmati rahbarlarining turli darajadagi uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar ijrosining joriy holati tahlil qilindi.
Xususan, ikki tomonlama bojxona hamkorligining dolzarb masalalari, jumladan bojxona qiymatini aniqlash, import bojxona bojlari stavkalarini qo‘llash, shuningdek raqamlashtirish va elektron maʼlumot almashinuvini rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida o‘zaro tovarlar savdosini amalga oshirayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga teng qulaylik, imtiyoz va yengilliklar taqdim etish, mamlakatlar hududi orqali tranzit yuklar harakati bo‘yicha oldindan xabardor qilish mexanizmlarini joriy etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar qo‘shma ishchi guruh tuzish, elektron hamkorlikni faollashtirish, axborot almashish va masʼul bo‘linmalar o‘rtasida tezkor muvofiqlashtirishni taʼminlashga kelishib oldilar.