Oʻzbekiston va Suriya savdo va investitsiya hamkorligini kengaytirish masalalarini muhokama qilmoqda
Oʻzbekiston va Suriya savdo va investitsiya hamkorligini kengaytirish masalalarini muhokama qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —
Suriya O‘zbekistonning Yaqin Sharqdagi eksport hajmini kengaytirish va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda.
Mazkur masalalar ISSV rahbari L.Kudratov hamda Suriya Arab Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi Alaa Umar Alali o‘rtasidagi uchrashuvda asosiy mavzu bo‘ldi.
Qayd etilishicha, o‘zaro savdo barqaror ijobiy sur’atda rivojlanmoqda: 2017-2025 yillar davomida tovar ayirboshlash hajmi qariyb 5 barobarga oshgan. Shu bilan birga, mavjud ko‘rsatkichlar ikki tomonlama hamkorlik salohiyatini to‘liq aks ettirmasligi ta’kidlandi.
Ustuvor yo‘nalishlar sifatida Suriyada O‘zbekiston savdo uyini tashkil etish, logistika infratuzilmasini rivojlantirish, hukumatlararo komissiyani shakllantirish, “Made in Uzbekistan” va “Made in Syria” formatlarida muntazam ko‘rgazmalar o‘tkazish hamda O‘zbekiston–Suriya biznes kengashini tuzish belgilandi.
Shuningdek, shartnomalar nomenklaturasini kengaytirish, O‘zbekistonning farmatsevtika va oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan qayta ishlangan tovarlar eksportini oshirish, shuningdek Suriya zaytun moyi importini ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.
Savdo, bojxona tartib-taomillari, karantin va fitosanitariya talablari hamda investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish bo‘yicha bitimlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.