Oʻzbekiston va Sloveniya qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik toʻgʻrisida protokol imzoladilar
Oʻzbekiston va Sloveniya qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik toʻgʻrisida protokol imzoladilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston hamda Sloveniya o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan muhim tarixiy qadam – Hukumatlararo komissiyaning dastlabki yig‘ilishi Sloveniyaning go‘zal Lyublyana shahrida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Komissiya ishiga Sloveniya Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar va Yevropa ishlari bo‘yicha vazir Tanya Fayon, O‘zbekiston tomonidan esa Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamraislik qildi.
Yig‘ilish davomida tomonlar savdo-iqtisodiy munosabatlar, investitsiyalar, transport-logistika, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, suv resurslarini boshqarish, farmatsevtika, ta’lim, turizm va madaniyat sohalarida hamkorlik salohiyatini kengaytirish bo‘yicha atroflicha fikr almashdilar.
Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi uchrashuvda alohida e’tibor markazida bo‘lib, tomonlar bu sohada hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ham belgilab oldi.
Xususan, asalarichilik va undan olinadigan mahsulotlarni ishlab chiqarishni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, barqaror qishloq xo‘jaligi tizimlarini keng joriy etish, urug‘chilik va chorvachilikni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi texnikasi va mexanizatsiyasini modernizatsiya qilish hamda ilg‘or texnologiyalarni transfer qilish, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni qo‘shma ravishda rivojlantirish kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
Yig‘ilish nihoyasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Sloveniya Respublikasi Qishloq xo‘jaligi, o‘rmonchilik va oziq-ovqat vazirligi o‘rtasida oldin imzolangan hamkorlik kelishuvi tomonlar o‘rtasida rasmiy ravishda almashildi. Shuningdek, komissiyaning 1-sessiyasi bo‘yicha protokol imzolandi va kelgusi davr uchun aniq ish rejasi hamda ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.