Oʻzbekiston va Sloveniya farmatsevtika sanoati sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
Oʻzbekiston va Sloveniya farmatsevtika sanoati sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston – Sloveniya Hukumatlararo iqtisodiy hamkorlik komissiyasi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Tadbir doirasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov ham so‘zga chiqib, ikki davlat o‘rtasida amalga oshirilayotgan loyihalar va farmatsevtika sohasidagi istiqbolli imkoniyatlar haqida maʼlumot berdi.
Uchrashuvda iqtisodiy, investitsion va ilmiy-texnik hamkorlikni yana-da kengaytirish borasida fikr almashildi.
Sloveniya tomoni bilan biotexnologiya, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarida hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, farmatsevtika yo‘nalishida talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishda o‘zaro hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Delegatsiya tashrifi doirasida Sloveniyaning Milliy biologiya institutida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda:
qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish,
yosh mutaxassislar malakasini oshirish,
tajriba va bilim almashish dasturlarini yo‘lga qo‘yish
kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan memorandumni imzoladilar. Tashrif chog‘ida Institut laboratoriyalari faoliyati va amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar bilan ham tanishildi.
Tomonlar farmatsevtika sohasida qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, biotexnologik yo‘nalishlarni rivojlantirish, taʼlim va ilmiy salohiyatni oshirishga qaratilgan dasturlarni tashkil etish bo‘yicha kelishib oldilar.
Shuningdek, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan yo‘nalishlar belgilab olindi.