Oʻzbekiston va Rossiya oʻzaro savdo hajmini oshirishni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Rossiya oʻzaro savdo hajmini oshirishni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 13 mart kuni O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha Ishchi guruhning 5-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov hamraislik qildi.
2025 yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 8,4% oshib, $13 mlrdga yetdi. O‘zbekiston mahsulotlari eksporti 12,2% o‘sib, $4,4 mlrd tashkil etdi. 2026-yil yanvar oyida o‘zaro savdo hajmi 37% oshib, $1,1 mlrdga yetdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan $293,1 mlnga ko‘pdir.
Yig‘ilish doirasida savdo-iqtisodiy, sanoat, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi, shuningdek 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilab olindi.
Shuningdek, Toshkent shahrida Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filialini tashkil etish loyihasini amalga oshirishda erishilgan ijobiy siljishlar alohida qayd etildi. Mazkur loyiha xalqaro savdo sohasida malakali kadrlar tayyorlashni rivojlantirishga qaratilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni jadallashtirish hamda tegishli vazirlik va idoralar darajasida muntazam hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.