Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻzaro bojxona statistikasini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻzaro bojxona statistikasini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi va Qozog‘iston Respublikasi bojxona xizmati vakillari ishtirokida bojxona statistikasi yo‘nalishida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad 2025 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro tovarlar savdosi bo‘yicha bojxona statistikasini solishtirish, tashqi savdo maʼlumotlarini shakllantirish metodologiyasini muhokama qilish hamda aniqlangan tafovutlarning sabablarini belgilashdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida ikki davlat mutaxassislari o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarini chuqur tahlil qilib, statistik maʼlumotlardagi farqlarni keltirib chiqarayotgan omillarni aniqlashga alohida eʼtibor qaratdilar. Shuningdek, tashqi savdo sohasidagi huquqbuzarliklar alomatlarini barvaqt aniqlash va statistik maʼlumotlarning ishonchliligini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar bojxona statistikasi maʼlumotlarini shakllantirishda qo‘llanilayotgan yondashuv va metodologiyalar bo‘yicha tajriba almashdilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ikki davlat bojxona xizmatlari o‘rtasida bojxona statistikasi maʼlumotlari almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek o‘zaro tovar aylanmasi ko‘rsatkichlarini tizimli ravishda taqqoslab borishga kelishib olindi.
Tadbir yakunida o‘tkazilgan ishchi uchrashuv natijalari bo‘yicha tegishli Bayonnoma imzolandi.
Mazkur hamkorlik ikki davlat o‘rtasida tashqi savdo operatsiyalarining shaffofligini taʼminlash, statistik maʼlumotlarning ishonchliligini oshirish hamda o‘zaro iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.