Oʻzbekiston va Qirgʻiziston qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Markaziy Osiyo davlatlari qishloq xo‘jaligi vazirlarining Toshkent shahrida o‘tayotgan yig‘ilishi doirasida Qirg‘iz Respublikasining suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri o‘rinbosari Asel Kenembayeva bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, mavjud qo‘shma loyihalarning joriy holatini tahlil qilish, ularni kengaytirish va yangi yo‘nalishlarda amaliy ishlarni boshlash masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, kartoshkachilikda ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish, urug‘ yetishtirish va saqlash tizimini modernizatsiya qilish, shuningdek, chorvachilikni rivojlantirish va qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish zarurligini qayd etdilar.
Uchrashuvda shuningdek, raqamli texnologiyalarni qishloq xo‘jaligiga joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonning so‘nggi yillarda agrar sohada raqamlashtirish borasidagi tajribasi, xususan, “Agroplatforma” va “Agrosug‘urta” kabi tizimlar orqali erishilgan natijalar yuqori baholandi. Qirg‘iz tomoni ushbu tajribalarni o‘z mamlakatida joriy etishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Tomonlar ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, yosh mutaxassislar almashinuvi, agrar ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, shuningdek, mavjud qo‘shma loyihalarda yuzaga kelayotgan ayrim muammolarni hal etish bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyatini faollashtirishga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida Ibrohim Abdurahmonov va Asel Kenembayeva mintaqaviy barqaror rivojlanishni ta’minlashda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi agrar hamkorlik hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, qo‘shma tashabbuslarni amaliy bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq rejalarni belgilab oldilar.