Oʻzbekiston va Portugaliya qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Oʻzbekiston va Portugaliya qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vazirligi departament boshlig‘i Jamoliddin Babaxanov boshchiligidagi delegatsiya Portugaliyada xizmat safarida bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida qator nufuzli kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, agrar sohani rivojlantirishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishilmoqda.
Xususan, Kiangle AI kompaniyasi bilan sun’iy intellekt asosida tahlil va prognozlash yo‘nalishida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Mazkur hamkorlik doirasida sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida hosildorlikni baholash, iqlim o‘zgarishlarining qishloq xo‘jaligiga ta’sirini prognoz qilish hamda bozor kon’yunkturasi dinamikasini tahlil qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, tomonlar chorvachilik va o‘simlikchilik sohalarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan, taxminiy qiymati 100 ming AQSH dollariga teng pilot loyihani amalga oshirish bo‘yicha ham kelishuvga erishdi.
Bundan tashqari, Azinor Group kompaniyasi bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti va importi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi. Mazkur hamkorlik O‘zbekiston va Portugaliya o‘rtasidagi savdo aloqalarini kengaytirish hamda ikki tomonlama eksport geografiyasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Kelishuvga muvofiq, 2026–2027 yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha o‘zaro savdo hajmini 5 million AQSH dollariga yetkazish maqsad qilingan. Bu esa O‘zbekiston agrar mahsulotlari eksportini oshirish, shuningdek Portugaliyadan yangi turdagi mahsulotlarning mamlakatimiz bozoriga kirib kelishi uchun imkon yaratadi.
Shu bilan birga, Portugaliyaning Companhia das Frutas, Importações Nunes, Sogevinus Fine Wines, Tavares & Tavares Lda hamda Frutas Lusa kompaniyalari bilan ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport-importi yo‘nalishida hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shu bois, O‘zbekistondan quritilgan mevalar va qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish, Portugaliyadan esa sitrus mevalar, zaytun moyi hamda zaytun mahsulotlarini import qilish rejalashtirilmoqda. Tomonlar mazkur hamkorlik doirasida har ikki tomon manfaatiga xizmat qiluvchi istiqbolli loyihalarni hamjihatlikda amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.