Oʻzbekiston va Polsha qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Polsha qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Polsha qishloq xo‘jaligi va qishloqlarni rivojlantirish vaziri Stefan Kraevski bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Samimiy va konstruktiv ruhda kechgan muloqotda ikki davlat o‘rtasida agrar sohadagi hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro manfaatli aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv davomida, ayniqsa, veterinariya va chorvachilik, fitosanitariya sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalar samaradorligini oshirish, shuningdek, rejalashtirilgan qo‘shma tashabbuslarni jadallashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, agrar sohada ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, zamonaviy tajribalarni o‘zaro almashish bo‘yicha ham katta imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi. Mutaxassislar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish borasida hamkorlikni chuqurlashtirish ikki tomon uchun ham manfaatli ekani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar agrar sohadagi hamkorlikning izchil rivojlanib borayotgani ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishini alohida ta’kidladilar.