Oʻzbekiston va Pokiston taʼlim, fan va madaniyat sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Pokiston taʼlim, fan va madaniyat sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Baxromjon A’loyev Islomobod shahrida Pokiston Bosh vazirining xorij ishlari bo‘yicha maxsus maslahatchisi Tarik Fatemi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari, shuningdek, ta’lim, fan va madaniyat sohalarida ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Pokiston Bosh vazirining maxsus maslahatchisi O‘zbekistonning mintaqadagi tarixiy ahamiyati va boy madaniy merosini e’tirof etdi hamda Toshkent va Samarqand shaharlarining jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini alohida urg‘uladi.
Muloqot davomida joriy yilda rejalashtirilgan turli darajadagi tashriflar va qo‘shma tadbirlar rejasi batafsil ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga qaratilgan yangi amaliy takliflarni ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.