Oʻzbekiston va Pokiston Karachida boʻlib oʻtgan biznes-forumda farmatsevtika sanoati sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Pokiston Karachida boʻlib oʻtgan biznes-forumda farmatsevtika sanoati sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 3 fevral kuni Pokiston Islom Respublikasining Karachi shahrida O‘zbekiston–Pokiston biznes-forumi doirasida farmatsevtika sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Biznes-forum O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan, Pokistonlik hamkorlar boshchiligida tashkil etildi.
Anjuman doirasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov O‘zbekiston farmatsevtika sohasining investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdi.
Unda farmatsevtika ixtisoslashtirilgan erkin iqtisodiy zonalar, investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda O‘zbekistonda ishlab chiqarishni tashkil etish orqali nafaqat ichki bozorga, balki Markaziy Osiyo, MDH va boshqa xorijiy bozorlarga chiqish imkoniyatlari taqdim etildi.
Shuningdek, ochiq muloqot formatda o‘tgan muhokamalarda O‘zbekistonning mintaqadagi yetakchi farmatsevtika xabi sifatidagi o‘rni, yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlari va o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Tadbirda Pokistonning yetakchi farmatsevtika va davlat tashkilotlari rahbariyati, jumladan Macter, Hiranis Pharmaceuticals, Trade Development Authority of Pakistan (Government of Pakistan), AGP Limited, Indus Pharma, Hilton Pharma, Nabiqasim Pharma hamda Medisure Pharma ishtirok etdi.