Oʻzbekiston va Ozarbayjon qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Ozarbayjon qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Ozarbayjon qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan xalqaro forum doirasida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi agrar hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Vazir Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi agrar soha mutasaddilari Ozarbayjon qishloq xoʻjaligi vaziri Majnun Mammadov rahbarligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida tomonlar Qorabog‘ hududida “Do‘stlik bog‘i”ni barpo etish ishlarini jadallashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratdilar. Shu bilan birga, agrar sohada o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘urtalash tizimini rivojlantirish maqsadida ozarbayjonlik mutaxassislar tomonidan mamlakatimizda seminar va treninglar tashkil etish taklifi ilgari surildi. Bundan tashqari, meva-sabzavotlarni qayta ishlash, logistika imkoniyatlarini kengaytirish hamda ozarbayjonlik tadbirkorlarning O‘zbekiston orqali Xitoy bozorlariga chiqish imkoniyatlari ham muhokama markazida bo‘ldi.

Alohida ta’kidlash joiz, mamlakatimizda zaytunzorlarlar tashkil etish bo‘yicha samarali takliflar ilgari surildi. Bu esa agrar tarmoqni diversifikatsiya qilish va eksport salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur forumda Ozarbayjonning agrar sohada faoliyat yurituvchi 15 ta kompaniyasi vakillari ishtirok etayotgani esa ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy natijalarga yo‘naltirilganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Uchrashuv soʻngida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori o‘rinbosari Oybek Omonov hamda Ozarbayjon Qishloq xo‘jaligi tadqiqot markazi direktori Rashad Huseynov tomonidan memorandum imzolandi.

Kelishuvga ko‘ra, tomonlar agrar soha ilm-fani, oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq hududlarini rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlik qiladi. Xususan, ilmiy ma’lumot va tajriba almashish, qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, mutaxassislar ishtirokida treninglar tashkil etish hamda innovatsion yechimlarni amaliyotga joriy etish ko‘zda tutilgan.

Mazkur hamkorlik agrar sohada zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling