Oʻzbekiston va Osiyo taraqqiyot banki shaharsozlik bosh rejalarini ishlab chiqish boʻyicha hamkorlikni muhokama qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 29-may kuni Filippinning Manila shahridagi Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bosh ofisida Iqtisodiyot va moliya vazirligi Yer islohotlari va hududlar master rejalarini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Otaboyev hamda OTB vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda OTBning Osiyo taraqqiyot bankining Suv va shaharsozlikni rivojlantirish sektori idorasi katta direktori Norio Saito, mazkur sektorning Sharqiy, Markaziy va Gʻarbiy Osiyo guruhi direktori Jingmin Huang, Rivojlanayotgan yoʻnalishlar guruhi direktori Srinivas Sampath va boshqa mas’ullar ishtirok etdi.
Uchrashuv Manila shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Suv masalalari va shaharlarni rivojlantirish” forumi doirasida tashkil etildi. Tomonlar master rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Jumladan, OTBning texnik ko‘magi yordamida bir yil davomida master rejalar yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi faoliyatiga ko‘maklashuvchi xorijiy kompaniyani jalb qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ushbu kompaniya tomonidan 6 ta hududda ishlab chiqilgan master rejalarni amalga oshirish, 2 ta hududda yangi master rejalarni ishlab chiqish hamda xalqaro tajribadan kelib chiqib, master rejalar bo‘yicha amaldagi qonunchilikni takomillashtirish va salohiyatni oshirish yo‘nalishlarida ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar kompaniyani jalb qilish jarayonini tezlashtirish hamda master reja ishlab chiqish bo‘yicha dastlabki bosqichda pilot hudud sifatida Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrini tanlash, master rejalar asosida OTBning mablag‘lari hisobiga infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga kelishib oldi.