Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston uran konlarini birgalikda qidirishni muhokama qilmoqda
Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston uran konlarini birgalikda qidirishni muhokama qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Navoiyuran” DK hamda “UZBEK OVERSEAS GEOLOGY COMPANY” MChJ delegatsiyasi Mo‘g‘ulistonda xizmat safarida bo‘lib, “Mon Atom” davlat kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Unda 2026-yilda Mo‘g‘uliston hududidagi uranga istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Joriy yil aprel oyida o‘tkazilishi kutilayotgan Hukumatlararo yig‘ilish doirasida ikki davlat Kon-geologiya vazirliklari hamda tegishli tashkilotlari o‘rtasida Strategik kelishuvni imzolash rejalashtirilgan.
Mazkur kelishuvga muvofiq, “UZBEK OVERSEAS GEOLOGY COMPANY” MChJ va “Mon Atom” davlat kompaniyasi o‘rtasida xizmat ko‘rsatish shartnomasi tuzilib, uranga istiqbolli maydonlar bo‘yicha geologik va ekologik loyiha hujjatlari ishlab chiqiladi hamda litsenziya olish uchun zarur hujjatlar Mo‘g‘ulistonning vakolatli organiga taqdim etiladi.
Shuningdek, litsenziyalar rasmiylashtirilgach, geologiya-qidiruv ishlarini bajarish uchun Mo‘g‘ulistonda faoliyat yurituvchi burg‘ilash va geofizika kompaniyalari bilan shartnomalar tuzish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.
Dastlabki loyiha hujjatlariga ko‘ra, birinchi bosqichda ajratilgan maydonlarda qariyb 60 ming metr hajmda kompleks burg‘ilash ishlari bajarilishi rejalashtirilgan. Natijalarga ko‘ra maydonlarning potensial zaxiralari baholanib, keyingi bosqich geologiya-qidiruv dasturi aniqlashtiriladi.