Oʻzbekiston va Misr qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik va investitsiya tashabbuslarini kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Misr qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik va investitsiya tashabbuslarini kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Tamer Fathi Abdussalom Hammad bilan uchrashuv o'tkazdi.
Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi agrar hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, mavjud loyihalar samaradorligini oshirish hamda istiqboldagi tashabbuslarni jadallashtirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda avvalo qo‘shma loyihalarning joriy holati tahlil qilindi. Xususan, shakar ishlab chiqarish yo‘nalishida yo‘lga qo‘yilgan tashabbuslarni kengaytirish, eksport-import ko‘rsatkichlarini oshirish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi.
Tomonlar agrar ta’lim sohasida ilmiy almashinuv, malaka oshirish dasturlarini kuchaytirish zarurligini qayd etib, O‘zbekiston va Misr o‘quv muassasalari o‘rtasida bevosita hamkorlik mexanizmlarini kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.
Paxtachilik, genetika va seleksiya kabi yuqori qo‘shimcha qiymatli yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollari ham kun tartibidan o‘rin oldi. Mazkur sohalarda tajriba almashish, qo‘shma ilmiy markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida aloqalarni faollashtirish, investitsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda agrar tarmoqlarda amaliy kooperatsiya loyihalarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida agrar hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida aniq qadamlarni belgilab olishdi.