Oʻzbekiston va Malayziya mikroelektronikani rivojlantirishni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Malayziya mikroelektronikani rivojlantirishni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Malayziyaning “MIMOS Berhad” tashkiloti vakillari “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga tashrif buyurdi.
Mazkur tashrif doirasida “MIMOS Berhad” tashkiloti Bosh ijrochi direktori Razmaan Jaafar boshchiligidagi delegatsiya uyushma boshqaruvi raisi Mirziyod Yunusov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonda mikroelektronika va yarimo‘tkazgichlar sanoatini yaratish hamda rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan strategiyaning keyingi bosqichlarini muhokama qildilar.
Xususan, strategiyani amaliyotga joriy etish, ustuvor yo‘nalishlar asosida aniq loyihalarni shakllantirish, ilg‘or xorijiy tajribani tatbiq etish hamda zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, “MIMOS Berhad” tomonidan Malayziya tajribasi asosida Fabless va OSAT kompaniyalarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari surilib, ularni O‘zbekistonda bosqichma-bosqich joriy etish imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, delegatsiya uyushma huzuridagi “Eltechlab” laboratoriyasida bo‘lib, kabel-sim va maishiy texnika mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Joriy haftada mikroelektronika va yarimo‘tkazgichlar sanoatini rivojlantirishga qaratilgan “Strategic Workshop Lab” amaliy seminari tashkil etilgan bo‘lib, mazkur uchrashuv ishlab chiqilgan strategiyani amaliy bosqichga o‘tkazish hamda uning keyingi qadamlarini belgilash yo‘lidagi muhim bosqich bo‘ldi.