Oʻzbekiston va Magadan toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar va tovarlar eksportini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Magadan toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar va tovarlar eksportini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchisi Jamil Maksudi Magadan viloyati dumasi raisining birinchi o‘rinbosari va “Arbat” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Aleksandr Basanskiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“Arbat” konserni Rossiyadagi eng yirik oltin qazib oluvchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Korxonada 5 ming nafardan ortiq xodim faoliyat yuritadi, ularning 1200 nafari — O‘zbekiston fuqarolaridir.
Tomonlar transport va logistika sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Jumladan, Toshkent–Magadan yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari haqida fikr almashildi. Bunday aviaqatnovlar kelgusida biznes va turistik aloqalarni kuchaytirish, shuningdek ikki mintaqani yaqinlashtirishga xizmat qilishi mumkinligi qayd etildi.
Uchrashuvda eksport sohasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama etildi. O‘zbekiston tomoni oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Magadan bozorlariga yetkazib berish, logistika va sertifikatlashtirishni takomillashtirish, shuningdek qo‘shma qayta ishlash loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha takliflarni taqdim etdi.
Tomonlar sanoat kooperatsiyasi, mahsulot sifatini oshirish, standartlar va texnologiyalar almashinuvi hamda biznes delegatsiyalar tashriflarini yo‘lga qo‘yish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratdilar.
Uchrashuv yakunlarida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, ikki tomonlama savdo hajmini oshirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.