Oʻzbekiston va Litva savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Litva savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo” Uchinchi iqtisodiy forumi doirasida Litva Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Tadas Valis hamda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat amaldagi hamkorlik dinamikasini baholashdan boshlandi. Tomonlar o‘zaro hamkorlik salohiyati sezilarli darajada ortib borayotganini va yanada moslashuvchan hamda samarali mexanizmlarni joriy etish zarurligini ta’kidladilar.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish yo‘llari hamda ushbu munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlovchi tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokamaning markazida bo‘ldi. Amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi va uni jadallashtirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.
Alohida masala sifatida 2026-yilda Litva hududida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni muhokama qilindi.
Tomonlar ushbu uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning keyingi bosqichiga o‘tish nuqtasiga aylanishi uchun ustuvor ravishda ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar savdo, investitsiyalar va iqtisodiy sheriklik sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish, hamkorlikni yanada muvofiqlashtirish hamda imkoniyatlarni kengaytirish borasida birgalikda oldinga siljishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar. Ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga kelishib olindi.