Oʻzbekiston va LBBW yuqori texnologiyali loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirishni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va LBBW yuqori texnologiyali loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirishni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov Landesbank Baden-Württemberg (LBBW) ijrochi direktori Didem Ozgurel bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida bankning O‘zbekiston moliya bozorida o‘n yildan ortiq samarali faoliyat yuritib kelayotgani hamda turli tarmoqlarda 60 dan ortiq investitsiya loyihalarini moliyalashtirishdagi ishtiroki alohida qayd etildi.
LBBW mamlakatimizda texnologik yangilanish va sanoatni modernizatsiya qilish jarayonlarida ishonchli moliyaviy hamkor sifatida o‘zini namoyon etgani ta’kidlandi.
Tomonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlashni kengaytirish, O‘zbekiston tijorat banklari orqali qayta moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish, shuningdek, eksport-kredit agentliklari qoplamasi ostida korporativ moliyalashtirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Ustuvor loyihalarni aniqlash, ularni birgalikda ekspertizadan o‘tkazish va bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda yuqori texnologiyali va eksportga yo‘naltirilgan loyihalarni moliyalashtirish hajmini oshirish muhimligi qayd etildi.